“Talabalar festivali” doirasida sport musobaqalari o‘tkazildi
2025-05-22 17:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Musobaqa jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi tezkorlik qobiliyatini rivojlantirish va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish hamda talaba yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etildi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti sport pavilonida oʻtkazilgan sport musobaqalarida jami 720 nafar ishtirokchi nizomda belgilangan 10 ta sport turi bo‘yicha bellashdi. Jumladan, mini futbol, basketbol, voleybol, armrestling, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, arqon tortish, estafeta, 100 metrga suzish, tosh koʻtarish kabi sport turlarida shiddatli bahslar bo‘lib o‘tdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda yoshlar nafaqat jamoaviy, balki yakka tartibdagi musobaqalarda ham kurash olib borib, oʻzlarining qanchalik epchilligi, zukkolik va jismoniy tayyorgarlik borasida nimalarga qodir ekanliklarini isbotlashdi.
Musobaqaning tantanali yopilish marosimida soʻz olganlar yoshlarning shijoati va matonatini alohida eʼtirof etib, ilm olish, sport bilan doimiy shugʻullanish borasida, qolaversa, qobiliyat va isteʼdodlaridan unumli foydalanish kerakligi xususida tavsiyalar berdi.