Kasbiy ta’limda yangi bosqich: milliy va xorijiy dasturlar uyg‘unligi sari
2025-05-22 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbirda Kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti vakillari, Professional ta’limni rivojlantirish instituti mas’ullari, Janubiy Koreyaning Tedjon sog‘liqni saqlash universiteti hamda Toshkentdagi Puchon universitetining professor-o‘qituvchilari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Globogate” dasturi vakillari, Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy vakillari, shuningdek, kasbiy va oliy ta’lim muassasalari, ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillaridan iborat 1500 nafardan ortiq Ishchi guruh a’zolari ishtirok etmoqda.
Seminarning asosiy maqsadi — 2025–2026 o‘quv yili uchun 350 dan ortiq kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha kunduzgi hamda dual ta’lim shakllarini qamrab olgan milliy va xalqaro ta’lim dasturlarini zamonaviy xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqish, ularni takomillashtirish va amaliyotga joriy etishdan iborat.
Ushbu tashabbus kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, ish beruvchilar talabiga mos mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.