“Imom Moturidiy kubogi” sport festivali va respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda
2025-05-26 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida berilgan topshiriqlar, shuningdek, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlashga qaratilgan qaror va farmonlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Musobaqalar O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Sport festivalining ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi raisi Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikromov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev va akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda oliy diniy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda qo‘shiqlar, ko‘rgazmali chiqishlar va tabrik nutqlar namoyish etildi.
Festival doirasida mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka, milliy kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi sport turlari bo‘yicha talabalar o‘zaro bellashishmoqda.
Shuningdek, “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilib, unda soha mutaxassislari ishtirok etdi va sport hamda salomatlik o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlik batafsil muhokama etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi qator sport tashkilotlari bilan hamkorlik kelishuvlarini imzoladi.