Texnikumlarda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilmoqda
2025-05-26 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv doirasida Samarqand va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi kasbiy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikka oid shartnoma va memorandumlar imzolandi. Ushbu hamkorlik “Hamshiralik ishi” yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun: 70 yillik tarixga ega Daejeon sog‘liqni saqlash universiteti bugungi kunda Janubiy Koreyaning sog‘liqni saqlash sohasidagi yetakchi oliygohlaridan biri hisoblanadi. Universitetning bir qator ta’lim dasturlari xalqaro darajada, xususan, AQSHda bevosita tan olingan.
Imzolangan kelishuvga muvofiq, talabalar dastlabki ikki yilni O‘zbekistondagi texnikumlarda tahsil olib, koreys tilini puxta o‘zlashtirgan talabalar 3-kursdan ta’limni Janubiy Koreyadagi Daejeon universitetida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ushbu muhim tashabbus nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlaydi, balki sog‘liqni saqlash tizimi uchun malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.